1-Dars: Xudo qanday gapiradi?

1-Dars: Xudo qanday gapiradi? darsining 1 dan 2 beti

Xudo bizga chindan ham gapiradimi?

Аgar Xudo bo'lmaganida o'zingizni mutlaqo yolg'iz his qilardingiz, to'g'rimi? Yoki U mavjud bo'lsa-yu, ammo hech qachon bizga gapirmaganida, o'zimizni qanday his qilgan bo'lardik?

Ko'plar shaxsan Xudoning ovozini eshitishni va U bilan gaplashishni orzu qiladilar. Biroq, Xudo bizga qanday gapiradi? U bizdan juda uzoqda va muqaddas-ku.

Bizga ma'lumki, Xudo avvallari insoniyatga payg'ambarlar orqali gapirgan. Ehtimol, siz ham bu savolimga Xudo O'zining kitoblari orqali gapiradi, deb javob berarsiz. Yoki Xudo shaxsan o'zingizga – Muqaddas Kitoblarida sizning qandaydir muhtojligingizga javob beradigan oyatlar orqali yo bo'lmasa, tushlaringiz orqali gapirishiga ishonarsiz. Ehtimol, shu sabab bu kitobchani o'qishga tutingandirsiz!

Darhaqiqat, Xudo insonga gapiradi!

Barcha din vakillari Xudoning odamlarga gapirishiga ishonadilar. Yahudiy, masihiy va musulmon diniga e'tiqod qiluvchilar Xudo odamlarga Tavrot va Zabur orqali gapirganiga ishonadilar. Tavrot kitobida Xudo Isroil xalqiga Muso orqali O'zining qonunlarini bergan. Sanolar deb ham ataladigan Zabur kitobida esa, Xudo Dovudni qo'shiqlar yaratishga ilhomlantirgan. Dovud esa Uni ulug'lab Zabur sanolarini yozgan.

Masihiylar va musulmonlar ham Xudo Injil kitobi orqali gapirganiga ishonadilar. Bu kitobda Iso Masih haqida ma'lumotlar keltirilgan.

Nihoyat, musulmonlar Xudo Qur'on orqali hamda sal boshqacharoq tarzda sahih (ishonchli) Hadislar orqali gapirganiga ishonadilar.

Xudo payg'ambarlarga gapirdi

Muqaddas Kitoblarda Xudoning insoniyatga gapirgani haqida juda ko'p dalillar keltirilgan. Tavrot kitobida Xudo Ibrohim va Musoga to'g'ridan-to'g'ri gapirganini ko'ramiz.

Zabur kitobida esa, Xudoning Dovudga to'g'ridan – to'g'ri gapirganiga misollar ko'p emas. Аmmo Xudoning Ruhi Dovudning yuragi, og'zi va barmoqlariga ilhom berib uning she'rlar  bitishiga, qo'shiqlar bastalashiga sabab bo'lgan. Bu sanolar orqali esa Xudo bizning yuraklarimizga gapiradi. Bugungi kunda ham odamlar haligacha Dovudning sanolarini kuylashadi. Ular bu sanolarni kuylaganlarida Xudo ularning qalbiga to'g'ridan-to'g'ri gapirayotganini his qiladilar.

Dovudning o'zi shoh bo'lishidan oldin oddiy cho'pon bola edi. Uning eng mashhur sanosi “Xudovand cho'ponim mening” deb nomlangan qo'shig'i bo'ladi. Bu sanoda Dovud Xudoni ajoyib va mukammal Cho'ponga o'xshatadi. Quyida ushbu sanoning birinchi parchasi keltirilgan:

Egam mening cho'ponimdir,

Men muhtojlik ko'rmasman aslo.

Yam–yashil yaylovlarda U menga orom beradi,

Sokin irmoqlar bo'yida U meni yetaklaydi.

U menga qayta kuch baxsh etadi.

O'zining nomi haqi–hurmati

Meni to'g'ri yo'lga boshlaydi.

Ey Egam!

Hatto zulmat vodiysida yursam ham,

Xavf–xatardan qo'rqmayman,

Аxir, Sen men bilan birgasan.

(Zabur 22:1-4)

Nihoyat, Injil kitobida Isoning O'z xalqiga gapirganlarini o'qiymiz. Iso odamlarga Xudo haqidagi haqiqatlarni  o'rgatadi. Uning yumshoq va mehribon so'zlarida buyuk hokimiyat pinhon.  O'zining hammaga ma'lum va mashhur, “Tog'dagi va'z” deb nomlangan nutqida U avvalgi Muqaddas Yozuvlarni bekor qilmaganini aytadi:

Meni, Tavrot yoki payg'ambarlarning bitiklarini bekor qilgani kelgan, deb o'ylamanglar. Men bekor qilgani emas, balki bajo keltirgani keldim.

(Injil, Matto 5:17)

Ha, Xudo chindan ham insoniyatga gapiradi! U bizning har birimizga gapiradi. Biz Uning Kalomini o'qisak va yuraklarimizni ochsak, U xuddi shaxsan bizga gapirayotganga o'xshaydi. Isoning shogirdlaridan biri Xudo chindan ham hammamizga payg'ambarlari orqali gapirganini aytadi:

Xudo qadimda ota-bobolarimizga ko'p marta va turli tarzda payg'ambarlar orqali gapirgan edi.

(Injil, Ibroniylar 1:1)

Xudo turli yo'llar bilan gapiradi

Yuqoridagi misollarda Xudo odamlarga turli yo'llar bilan gapirganini ko'rdingiz. Tavrot kitobida berilgan 10 amrni Xudo so’zma-so’z Musoga aytib turgan. Muso esa Xudoning og'zidan chiqqan har bir amrni oqizmay–tomizmay yozib olgan. Biroq, Xudo Dovudga O'zining Kalomini aytib turib yozdirmadi.  Аksincha, Dovud Xudoning Ruhidan ilhomlanib, Ruh uning yuragiga gapirgan so'zlarni yozib qoldirdi.

Xudo Yoqub o'g'li Yusufga tushlar orqali gapirdi. Unga yaqin kelajakda nimalar sodir bo'lishini ma'lum qildi.

Ba'zida esa payg'ambarlar hatto uyg'oq bo'lganlarida Xudoning ovozini ham eshitganlar. Tavrot kitobida Xudo Musoga gapirdi, inson do'sti bilan gaplashganday gaplashdi, deb yozilgan.

Muqaddas Kitoblarning o'zgartirilmagani haqida dalillar

Yahudiylar va masihiylar Kalomni muqaddas deb bilib, unga yuksak ehtirom bilan yondashganlar, shuning uchun Kalomning sofligini saqlashga alohida e'tibor qaratganlar. Yahudiylar o'z Muqaddas Bitiklarini o'ta muhim deb hisoblab, shunga yarasha munosabatda bo'lganlar. Bitiklar yozilgan o'rama qog'ozlar nurab ketganida, ularni boshqa qog'ozga ko'chirib yozganlar. Bitiklarni ko'chirish jarayonida avvaliga ular har bir bobdagi so'zlarning sonini hisoblaganlar. Bitiklarni boshqa o'ramga ko'chirib bo'lgach, ko'chirilgan so'zlarning soni eskisi bilan to'g'ri kelishini tekshirish uchun yana sanaganlar (so'zlarning soni nurab ketgan eski o'ramdagi bitikning soniga to'g'ri kelishini tekshirganlar). Bordi-yu, so'zlarning soni bir-biridan farq qiladigan bo'lsa, ular ko'chirilgan matnni to'g'rilamay, to'liq matnni boshqatdan ko'chirganlar.

1947 yili Falastinda Muqaddas Kitobning minglab qo'lyozmalari topildi. Ma'lum bo'lishicha, ular miloddan avvalgi 100 va millodiy 100 yillar orasida yozilgan. Bu qo'lyozmalar Muqaddas Kitob bizgacha hech qanday o'zgarishsiz yetib kelganini isbotladi.

Masihiylarning Yangi Аhdi, ya'ni Injil milodiy 1 asrda yozilgan. Bugun esa bizda Injilning minglab qo'lyozma nusxalari mavjud. Ulardan bir necha yuztasi Muhammad alayhissalom Makkada o'z faoliyatini boshlagan paytdan oldingi davrga to'g'ri keladi. Injil  Suriyoniy tiliga Muhammad alayhissalomning kelishidan ancha oldin tarjima qilingan bo'lib, to'liq tarjimasi milodiy 5-asrga to'g'ri keladi.

Qilingan tarjimalar asli bilan bir xil ekanini ko'rsatadi. Biroq shubhasiz, Xudo aniq nima deganini bilishni istasak, doim asl nusxasini o'qishni ma'qul ko'ramiz. Tarjimalar Muqaddas Kitob yozilgan tillar, masalan ibroniy tilini bilmaganlarga juda qo'l keladi. Biroq oyatlarning asl ma'nosini bilish uchun asl nusxasidan foydalangan ma'qul. Bizda esa bu asl nusxalar bor.

Xudo Muqaddas Kitobini himoya qiladi

Biz hammamiz Xudo O'z Kalomini himoya qilishiga ishonamiz.  Shunday ekan, o'zingizga savol berib ko'ring, “Xudo O'zining Kalomlaridan birini himoya qilar ekan, nega boshqalarini himoya qilmaydi?” “Nima sababdan Xudo foniyyovuz niyatda O'z Kitobini o'zgartirishiga yo'l qo'yadi?”

Hatto Injil kitobida Muqaddas Kitobni o'zgartirmoqchi bo'lgan odamlar Xudoning la'natiga duchor bo'lishlari haqida yozilgan:

Bu kitobning bashorat so'zlarini eshituvchi har bir kishini ogohlantiraman: kimda–kim bu so'zlarga biror narsa qo'shsa, Xudo ham o'sha kishining jazosiga bu kitobda yozilgan balolarni qo'shadi. Kimda–kim bu kitobdagi bashorat so'zlaridan birortasini chiqarib tashlasa, Xudo ham o'sha kishini bu kitobda yozilgan hayot daraxtidan va muqaddas shahardan benasib qiladi.

(Vahiy 22:18-19)[1]

Ko'p musulmonlarning fikricha, yahudiylar yoki masihiylar o'zlarining Muqaddas Kitoblarini o'zgartirganlar. Biroq, Qur'onda bu haqida aniq bir narsa aytilmagan. Masalan, unda aytilishicha, yahudiylar “...Kitobda bo'lmagan narsalarni Kitobdan sanashingiz uchun, tillarini egib bukadi”(Kamolliddin Yo'ldosh tarjimasi, Oli Imron surasi 78), yoki “... keyin uni oz evazga sotish uchun” (Baqara surasi 79) o'z qo'llari bilan kitobga o'zgartirishlar kiritganlar. Аmmo bu yerda Muqaddas Kitobning o'zgartirilgani yoki buzilgani haqida biror narsa deyilmagan.

Qur'onning Yunus surasi 94–oyatda Muhammad alayhissalomga biror narsadan shubhada bo'lganida, yahudiylar bilan maslahatlashish ko'rsatmasi berilgan, chunki Xudo ularga avvalgi kitoblarni bergan:

[Ey Muhammad alayhis-salomu vas-salom], agar Biz sizga nozil etgan narsadan (ya'ni, ilgari o'tgan qavmlar haqida nozil qilgan oyatlarimizdan) shubhada bo'lsangiz, u holda o'zingizdan avvalgi Kitob (ya'ni, Tavrot yoki Injilni) o'qiydigan kishilardan so'rang!... [2]


[1] Yana Yunus surasi 64–oyatiga, Аn'om surasi 115–oyatiga yoki Qahf surasi 27–oyatiga qarang.

[2] Madihah surasi 46-48–oyatlariga va Oli Imron surasi 3–oyatiga qarang.